Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikga erishgandan so‘ng ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar hayotga izchil joriy etila boshlandi. Respublikaning bozor iqtisodiyotiga o‘tib borishi, avtomobil sanoatining vujudga kelishi, xorijiy mamlakatlar bilan teng huquqli iqtisodiy aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi, fuqarolarning moddiy farovonligi ortib borishi tabiiy ravishda avtomobil yo‘llarida va shahar ko‘chalarida harakat miqdorining ortib borishiga olib keldi.
Transport vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarning sodir etilishi natijasida, davlat, jamiyat va shaxs manfaatlariga moddiy zarar yetkazilishi, fuqarolar huquq va erkinliklarining poymol etilishi, mulkiy va boshqa zararlar kelib chiqishi mumkin.
Ba’zi hollarda mazkur turdagi jinoyatlarning sodir etilishi odamlar o‘limiga sabab bo‘layotganligi achinarli holat ekanligini alohida ta’kidlash lozim.
Yo‘llarda avtotransport vositalarining xavf xatarsiz harakat qilishi va har qanday haydovchiga transport vositalarini boshqarishda salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarni bartaraf etish hozirgi kunda dolzarb muammo bo‘lib kelmoqda.
Mamlakatimiz oldida hozirgi va istiqboldagi asosiy masalalardan biri sifatida avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l transport hodisalarining oldini olish, ularda halok bo‘luvchilar va tan jarohati oluvchilar sonining kamayishiga erishish, shuningdek ko‘riladigan umumiy ijtimoiy iqtisodiy zararlarni kamaytirish vazifalari turibti.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi o‘n yil ichida Respublikamizda har yili o‘n mingdan ortiq yo‘l transport hodisalari sodir bo‘ladi, ularda o‘rtacha o‘n ikki ming kishi jarohatlanadi va ikki ming kishi halok bo‘lishi qayd etilgan. Yo‘l transport hodisalarining oldini olish uchun ko‘rilayotgan qator tadbirlarga qaramasdan, ularning miqdorini kamaytirishga erishib bo‘lmayapti. Bu esa, yo‘l harakati xavfsizligi muammolariga o‘ta jiddiy yondashish zarur ekanligini, turli soha vakillari, qolaversa keng jamoatchilik oldiga o‘z yechimini topishi kerak bo‘lgan vazifa sifatida qo‘yishni talab etmoqda.
Mazkur turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishning dolzarbligi shundaki, ular fuqarolarning o‘limi, sog‘ligi va mulkiga zarar yetishi bilan bir qatorda ba’zi transport vositalari haydovchilarning ijtimoiy mas’uliyatsizligi hamda tartibsizligining, xudbinligining jamiyat va uning a’zolariga nisbatan loqaydligining ko‘rinishi bo‘lganligi bilan xavflidir.
Surxondaryo viloyati sudining sudyasi K.Nazarov
JIB Uzun tuman sudining
devonxona mudiri A.Sa’dulloev
© Uzun tumani hokimligi veb-saytlari 2025
7 izoh